Intellektual bilim markazi

Pullarni nazorat qilish

“Noldan biznes boshlash!” – bu “Mumkin!” va “Mumkin emas!” – siz har ikkala tushunchani ham eshitgansiz. Shunisi bizga ma’lumki 90% dan ko’proq odamlar pul sarflamay biznes boshlash va uni kengaytirishga ishonishmaydi.

Hozirgi maqolamiz noldan biznes boshlashga qaratilmagan, aksincha ma’lum sarmoya evaziga biznes boshlash taklifini beramiz. Lekin shuni aytib o’tmoqchimanki “Hech qanday pul sarflamay katta biznes boshlash” mumkinligiga men ishonaman va amalda ko’rganman. Nasib bo’lsa bu haqida alohida maqolamizda yozib, misollar bilan tushuntirib beraman. Hozir esa dastlabki kichik sarmoya bilan biznes boshlash haqida gaplashamiz.

Pullarni nazorat qilish

Hozirgi kunda istalgan konselyariya do’konizdan judayam ko’plab biznes qilishga, shaxsiy rivojlanishga doir kitoblar topasiz. Ularning mualliflari ham turlicha. Kimdir iqtisod fanlari doktori bo’lgani uchun biznes yoki marketing bo’yicha kitob yozgan, yana kimdir biznesmen bo’lib boshidan o’tkazganlarini kitob holiga keltirgan. Ulardagi fikrlar orasida o’xshashlari ham, keskin farq qiluvchilari ham bor. Ushbu maqolamizda ana shunday kitoblarda keltirilgan pullar nazorati to’g’risidagi ikki xil qarashni keltirib o’tsak.

Pullarni nazorat qilish borasida barcha kitoblarda deyarli bir xil yozadi – pullarni aktiv sotib olishga sarflang!

Aktiv –bu sizga daromad olib keluvchi narsa. Masalan quyidagi narsalarni sotib olsangiz yoki shularga pul tiksangiz sizga ma’lum muddatdan keyin daromad olib keladi – qo’y, sigir, ot, do’kon, bog’, yer , biror narsa ishlab chiqarishga mo’ljallangan stanok, ijaraga berish uchun uy, kitob yozish, videodarslar tayyorlash, shaxsiy sayt ochish va boshqalar.

Aktivga qarama-qarshi so’z “Passiv” – bu sizdan pullarni ketkazuvchi narsalar. Masalan quyidagilarni sotib olsangiz yoki pul tiksangiz sizdan astalik bilan pullar keta boshlaydi – mashina (agar ijaraga berish uchun bo’lsa u aktiv), kichik uydan katta uyga ko’chib o’tishingiz, televizor, kiyimingiz bo’la turib yangisini olishingiz, mebellar, ko’chada ovqatlanish, telefon, prikollar ko’rish uchun sotib olingan internet megabaytlari, sigaret chekish kabi yomon odatlar va boshqalar.

Pullarni nazorat qilish – bu sizning aktiv yoki passiv sotib olayotganingizni o’lchovchi mezondir. Siz passiv sotib olishlarni kamaytirib, aktivlarni ko’paytirib borishingizning o’zi tez orada boyib ketishingizni ta’minlaydi. Agar siz qaysi aktivni sotib olishni bilmayotgan bo’lsangzi, aktiv bilan passivni farqiga bormayotgan bo’lsangiz yoki aktiv sotib olishga pulingiz kamlik qilayotgan bo’lsa, unda –avvalambor bu borada  bilimingizni  oshirishga harakat qiling. Chunki eng yaxshi  sotib olinadiga aktiv – bu bilimdir. Bilimga tikilgan pullar har doim o’zini oqlagan. Masalan dunyodagi eng yirik investorlardan biri – Uoren Baffet kuniga 6-8 soat kitob o’qir ekan. Siz avval o’zingiz tushunadiga sohani yaxshilab o’rganib chiqib, keyin tegishli aktivlarni sotib olsangiz bo’ladi. Bilim olish bilan parallel ravishda esa passivlaringizni kamaytirganingiz hisobiga ortib qolayotgan pullarni tejashga o’rganing. Bilimingiz ma’lum darajaga yetgunicha parallel yig’ilib borayotgan pullaringiz birorta o’zingizga manzur bo’ladigan aktivni sotib olish imkonini beradi./

Pullarni nazorat qilishni yana bir muhim elementi – bu pullarni tejash.

Sarflash – oson,

Tejash esa – san’atdir.

Pullarni tejash bo’yicha men bilgan ikki xil nazariya mavjud (balki yana boshqa yo’llari border, o’zingiz kengroq fikrlab ko’ring).

Tejash bo’yicha birinchi nazariyada aksincha ularni tejamaslik aytiladi. Iye, bu qanaqasi bo’ldi deysizmi?  Mana eshiting: hammamizga tanish bo’lgan “Ford” avtomobillarining asoschisi Genri Ford shunday degan ekan – “Hamma pullarini tejashga harakat qiladi, men esa 40 yoshimgacha 1 dollar ham tejamadim”. Ford barcha pullarini ilm olishga, o’rganishga sarflagan. Natijasi esa o’zingizga ma’lum – Ford Amerikalik bo’lsada, O’zbekistonda turib uni taniymiz. Demak, pullarni dastlab bilim olishga yo’naltirishimiz kerak.

Fordga o’xshash fikrlarni aytgan yana bir biznesmen va investor – bu Robert Kiosakidir. Kiosakining fikricha shunchaki pullarni yig’gandan ko’ra ularga aktiv sotib olgan yaxshiroqdir. Pullaringiz shunchaki sefda saqlanib turmasdan ularni ishlatishga (aktivga) o’rgatsangiz, pullar juda yaxshi ishchi bo’ladi.

Tejash bo’yicha ikkinchi nazariyada qo’lga kelgan pullarni avvaliga 2 qismga ajratish tavsiya etiladi. Birinchi 70% qismiga yashashni o’rganing. Qolgan 30% qismi 10% dan yana 3 qismga bo’linadi. Birinchi 10%i ehsonlik uchun, ikkinchi 10%i moliyaviy yostiq uchun, uchunchi 10%i sarmoya uchun. Ha-a, bu aytilishidan oson, lekin amalda bajarish juda qiyin ish sanaladi. Kimki, shu taqsimot bo’yicha 3 yil sabr qila olsa u albatta katta boylik va biznes egasiga aylanadi.

Moliyaviy yostiq – bu siz hech qayerda ishlamaganingizda, ishdan bo’shaganingizda, kasal bo’lib qolganingizda, sizga hech qayerdan pul kelmay qolganda 6 oygacha yetadigan pul zaxirasidir.

Moliyaviy yostiq uchun yig’ilayotgan pullar sizga pul kuchini ko’rsatadi. Ularni ishlatib qo’ymay doim yig’ib borsangiz, zaxirangizdagi pullar asta kattalashgani sayin sizga kuch qo’shilaveradi va yanada ko’proq pul topish yo’llari hayolingizga avtomatik ravishda kelaveradi.

Mana endi ozgina bo’lsa ham pullarni nazorat qilishni bilib oldingiz. Endi qo’lingizga qayerdan bo’lsa ham (oylik, stipendiya, mukofot puli, pensiya, qarzni qaytarilishi…) pul kelishi bilan ularni yuqoridagi ikki nazariya bo’yicha sarflashga o’rganing. Har ikkisi ham foydali va amalda ish bergan rejalardir. Aslida ikki usulni ham birgalikda qo’llash orqali yanada tezroq muvaffaqiyatga erishish mumkin. Bugundan boshlab o’z moliyaviy rejangizga ega bo’ling.

Salohiyat.uz – intellektual bilim markazi!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Yangi sharhlar
Bo’limlarimiz