Intellektual bilim markazi

Yoshlar va Kompyuter

 O’tgan kuni paynetga yangi  raqam olgani kirgandim.  Paynet egasi shunday biznes  tashkil qilganki – u yerda  kompyuter o’yinlari, paynet,  foto va video xizmatlar ham bor. Raqam olib bo’lib qarasam o’yin o’ynab o’tirgan bolalar ichidan bittasi tanish ko’rindi. U meni 18 yashar mahalladoshim edi.

Ota-onasi uni o’qisin deb zo’r sharoitlar qilib bergan, xatto eng zo’r repetitor deb boshqa  tumanning bir chekkasidan o’qituvchi topgan. U bo’lsa o’qish o’rniga kompyuterxonada o’yin o’ynab o’tiribdi. Sekin oldiga borib turdim. 1-2 minut kuzatdim, u xatto uni oldiga kelib turganimni ham sezmay qandaydir otishma o’yinini berilib o’ynashda davom etardi. Qulog’ida kompyuter naushnigi. Sekin turtdim, shundagina meni sezib qaradi va uyalinqirab salom berdi. Bir-ikki dakki berdim (1 bolaga 7 qo’shni javobgar deganiday). U har xil bahonalar qildi, o’yin o’ynashga qarindosh o’rtog’i olib kelganmish. Xullas tushunishni istamadi.

Bu misolni bejiz keltirmadim. Siz ham atrofingizdagi yoshlarni bir kuzatib ko’ring. Ular hozir shunaqangi elektronika o’yinlariga mukkasidan ketishgan-ki, 5 million so’mlik telefonni video ko’rish, telegramda yozishish va o’yin oynash uchun oldirishadi. Essiz shuncha pul, shuncha vaqt, shuncha ko’z nuri…

Bu maqolamda yoshlarga muroja’at etmoqchiman:

Ey yoshlar! Hozir siz uchun umringizning eng zo’r davrlari. Bu davrlarni o’yin o’ynab emas, faqat  ilm izlab o’tkazing. Atrofga qarang va shunday ilm izlangki u kelajakda sizni farovvon hayot bilan ta’minlasin. Hech qachon o’lmaydigan, doimo odamlarga kerak bo’ladigan kasbga tegishli ilmlarni egallang. Bunday kasblarga quyidagilar kiradi – dizaynerlik, arxitektorlik, salomatlikka bog’liq kasblar, sartaroshlik, pazzandachilik, texnika, dasturchilik, savdogarlik va shu kabilar, shuningdek KOMPYUTER ilmlari ham. Ha, kompyuter dasturlarini ham yaxshi bilganlar kelajakda ishsiz qolmaydi, aksincha eng badavlat insonlar bo’ladi. Bunda men siz o’ynayotgan kompyuter o’yinlarini aytmayapman, men ko’p pul keltiradigan bilimlarni aytyapman. To’g’ri o’yin o’ynab ham pul topsayiz bo’ladi – bu barakasiz va oz pullar bo’ladi. Men esa juda ham ko’p pullar haqida gapiryapman.

O’yin o’ynab o’tirgan bolaga kompyuterdagi eng oddiy word dasturida jadval tuzib ber desangiz, u bu ishni qila olmaydi yoki 2 soatda zo’rg’a  amallaydi. Aziz yoshlar! Undan ko’ra shu sarflayotgan pulingizga yaxshi kitob sotib oling, yoki birorta foydali kursga a’zo bo’ling. Hozir internetda ham foydalikurslar juda ko’payib ketgan. Sizga ajoyib bir misolni keltirib o’tsam. O’zimizning qishlog’imizda 13 yoshli bola yangi yil arafasida sim va maxsus chiroqlardan foydalanib 10 dona bug’ularga ortilgan chana haykalini yasab sotdi. Bitta haykalga 700 000 so’m sarfladi va ulardan 6 tasini 2 000 000 so’mdan, 3 tasini 3 000 000 so’mdan sotdi. Bittasini esa hokimiyatga sovg’a qildi. Shu ishlarni 13 yashar bola amalga oshirdi. U vaqtini kompyuter xonada o’tkazmagani aniq. Uning dadasi elektrik bo’lib, u dadasidan uncha muncha shu sirlarni o’rganib olgan va o’zining dizaynerlik qobiliyatidan unumli foydalangan.

Yana bitta ajoyib misol. Toshkent shahridan 18 yoshli Ulug’bek Pulatov telegram orqali pul ishlashni o’rgatuvchi online o’quv kurs ishlab chiqqan va har oyda kamida 5000 AQSH dollarida pul ishlaydi. U ham ko’p vaqtini o’yin o’ynashga emas o’zi uchun foydali ilmlar olishga bag’ishlagan.

Bu maqolamdan maqsad sizga ozgina bo’lsa ham turtki berish. Umringizni gullagan vaqtini yorqin kelajagingizni qurish uchun bag’ishlang. Oldingizga katta maqsadlar qo’ying, ko’plab kitoblar o’qing, yaxshi do’stlar orttiring, yaxshi ustozlardan saboq oling, sizga pul topib berayotgan ota-onangizni qadriga yeting.

Oxiratda ham inson yoshligini nimaga sarflab o’tkazgani so’raladi. O’ylab ko’ring nima deb javob berasiz – “Kompyuter o’ynab yoshligimni o’tkazganman” deysizmi yoki “Ilm izlaganman” deysizmi? Nima bo’lganda ham hozir siz qabul qilgan qaror faqat sizga tegishli bo’ladi va u sizni kelajagingizni belgilaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Yangi sharhlar
Bo’limlarimiz